Buxoroda imkoniyati cheklanganlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini taʼminlash hamda jismoniy imkoniyati cheklanganlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Buxoro shahrida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati tashkil etildi.

Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar sport federatsiyasining taqvim rejasidan o‘rin olgan mazkur musobaqa 2002, 2006-2007, 2010-2011 hamda undan kichik yoshdagi ko‘rish imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazildi.

Mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridan jami 54 nafar sportchi g‘oliblik uchun dona surishdi. Har bir jamoa tarkibiga 6 nafar ishtirokchi, yaʼni uch nafar o‘g‘il bola va xuddi shuncha qizlar kiritilgan edi.

Olti kun davom etgan chempionat qizg‘in bahslarga boy kechdi va yuqori saviyada o‘tdi.

Musobaqa yakunida umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rin Samarqand viloyati jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinni mezbonlar – Buxoro viloyati jamoasi egallagan bo‘lsa, 3-o‘rin Farg‘ona viloyati sportchilariga nasib etdi.

08.06.2021