G‘alabani Berlinda nishonlagan andijonlik mergan

Ulardan biri Oltinko‘l tumani Oltinko‘l qishlog‘ida yashovchi Xo‘jamberdi ota Turg‘unovdir.

Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari M.Nishonov, Oltinko‘l tumani hokimi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari Xo‘jamberdi ota xonadonida bo‘lib, Prezidentimizning urush faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigi, pul mukofoti va esdalik sovg‘alarni topshirdi.

Ko‘ksini turli ordenu medallar bezab turgan Xo‘jamberdi ota Ikkinchi jahon urushi yillarida ham nemis-fashist bosqinchilariga, ham yapon militaristlariga qarshi janglarda qatnashib, mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatgan o‘zbek o‘g‘lonlaridan biri bo‘lgan.

Mohir mergan(snayper) sifatida urush harakatlarida qatnashgan Xo‘jamberdi Turg‘unov janglarda ko‘plab dushmanni yer tishlatgan. U Rossiya, Ukraina, Belorus, Polsha, Estoniya davlatlarining qishloq va shaharlarini dushmandan ozod etishda ishtirok etgan. Janglarda 11 bor yaralangan. Har gal davolanib, sog‘ayishi bilan yanada frontga qaytgan.

Xo‘jamberdi ota uchun 9 may sanasi qo‘shaloq bayram. Shu kuni u G‘alaba bayrami bilan birga tavallud kunini ham nishonlaydi. Suronli urush yillari otaning nafaqat qalbida, balki jismida ham o‘chmas izlarini qoldirgan, bir oyog‘idan ajragan.

G‘alabani Berlinda nishonlab, so‘ng yapon urushida qatnashib, uzoq Sharqdan ham zafar bilan ona yurtga qaytish mo‘’jizadan o‘zga narsa emas.

Janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun Xo‘jamberdi Turg‘unov ko‘plab orden va medallar bilan mukofotlangan. Ota urushdan keyin uzoq yillar yurtimiz ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qildi, o‘g‘il-qizlarni tarbiyalab kamolga yetkazdi.

Bugun farzand va nabiralari, el-yurt ardog‘ida yashab, yurtimiz tinchligi, to‘kin va farovon hayotimiz uchun duo qilib yashayotgan, umr yo‘llari yosh avlod uchun ibrat namunasi bo‘lgan Xo‘jamberdi ota singari piru badavlat otaxonlarimiz omon bo‘lsin.

O‘zA

06.05.2021