Shu yilning 1-may kuni “Sardoba” suv omborida yuz bergan halokat oqibatlarini bartaraf etish va toshqindan jabrlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash ishlari umumxalq harakatiga aylandi. Adliya vazirligi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Prezident Xalq qabulxonasi ko‘magida “Salom, Sardoba, biz birgamiz!” xayriya aksiyasi e'lon qilindi.
Bir necha kun ichida Toshkent shahrida tashkil etilgan qabul punktida faol fuqarolar, tadbirkorlar va xalqaro tashkilotlar vakillaridan oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, idish-tovoq, bolalar o‘yinchoqlari va boshqa kundalik zaruriy buyumlar to‘plandi.
Qariyb 20 ta yuk mashinasidan iborat insonparvarlik karvoni
“Salom, Sardoba, biz birgamiz!” aksiyasi doirasida shu vaqtga qadar Sirdaryo viloyatining toshqindan ziyon ko‘rgan tumanlariga insonparvarlik yordami ortilgan qariyb 20 ta yuk mashinasi, ularning ikkitasi Buxoro viloyatidan, bittasi Samarqand va yana bittasi Navoiy viloyatlaridan jo‘natildi. 10 dan ortiq yuk mashinasi ortilgan birinchi gumanitar karvon 5-may kuni (aksiya e'lon qilinganidan 3 kun o‘tib) manzilga yetib bordi. Karantin sharoitiga qaramay, tashkilotchilar xayriyalarni o‘z egalariga topshirish maqsadida Sirdaryo viloyatiga shaxsan o‘zlari borishdi.
Ushbu gumanitar yukning bir qismi jabrlangan oilalar joylashtirilgan Guliston shahridagi Yuridik kolleji (400 fuqaro) va ixtisoslashtirilgan san'at maktabi (300 fuqaro)ga, ikkinchi qismi esa Oqoltin tumani (150 fuqaro)ga yetkazildi. Sirdaryoliklarga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyimlar va gigiena vositalari taqdim etildi.
Ta'kidlash kerak, talofatning dastlabki kunlarida o‘z hayotlarini saqlab qolish uchun uylarini, bor-budini tashlab chiqib ketgan hamyurtlarimizga bunday yordam juda zarur edi.
Saxiylik va xayr-saxovat
Aksiyadan ijtimoiy tarmoqlar orqali darak topgan saxiy insonlar oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, gigiena vositalarini keltirishdi. Volontyorlar ham faollik ko‘rsatishdi: sanitariya-gigiena qoidalari va talablariga amal qilgan holda olib kelingan buyumlarni saralab, yuklashga va o‘z manziliga yetkazishga yordam berishdi. Masalan, “Sherzod Soip Biznes” xususiy kompaniyasi insonparvarlik yuklarini talofat ko‘rgan hududlarga bevosita yetkazib berilishida ko‘maklashdi.
Jarayondan tadbirkorlik sub'ektlari ham chetda qolmadi. Masalan, “TONY Uzbekistan” to‘qimachilik korxonasi 1 000 ta futbolka, O‘zbekiston mebel' va yog‘ochni qayta ishlash sanoati Assosiasiyasi xonadon uchun mebel' jihozlari, “S.Y.R Forwarders Ltd” transport kompaniyasi 5,2 million so‘mlik gigiena vositalarini xayriya qildi.
Ushbu aksiyani qator tashkilotlar, xususan, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma, Shodiev xalqaro fondi, KOICA agentligi, “KRKA” (Sloveniya) xalqaro farmasevtik kompaniyasi, “Ezgu maqsad” xayriya jamg‘armasi, OU7 jamg‘armasi, O‘zbek-turk tadbirkorlari assosiasiyasi, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamg‘armasi, sport federatsiyalari va boshqalar ham qo‘llab-quvvatladi.
Xarajatlarda ochiqlik va shaffoflik
Aksiya doirasida “Yuksalish” umummilliy harakatining maxsus hisob raqami ochildi. O‘tgan vaqt mobaynida hisob raqamiga 560 million so‘mdan ziyod mablag‘ kelib tushdi. Pul mablag‘larining yig‘ilishi va sarflanishi bo‘yicha shaffoflikni ta'minlash maqsadida jamoat tashkilotlari va OAV vakillaridan iborat Maxsus komissiya tuzildi. Komissiya oldiga jabrlangan oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish vazifasi qo‘yildi.
Aksiya tashabbuskorlari komissiya a'zolari bilan hamkorlikda hodisa joyiga bordi, vaziyatni o‘rgandi, Sardoba, Oqoltin va Mirzarbod tumanlaridagi bir necha mahallalar aholisi bilan uchrashildi. Fuqarolar bilan uchrashuvlar natijasida 100 dan ortiq ehtiyojmand oilalar ro‘yxati shakllantirildi. Ulardan eng muhtojlari saralab olindi. Ayrim oilalarda nogironligi bor shaxslar yoki surunkali kasalliklar bilan og‘riydiganlari mavjudligi, ba'zilari uy olmoqchi yoki toshqinda mulkidan ayrilgani, yana ayrimlarining oila boquvchisi yo‘qligi ma'lum bo‘ldi, farzandlarining institutda o‘qishi uchun kontrakt to‘lovini to‘lashga yordam so‘raganlar ham bo‘ldi.
Moddiy va manzilli yordam
Aksiya tashkilotchilarining 17-iyul kuni Sirdaryo viloyatiga qilingan tashrifi davomida 24 nafar fuqaroga 5 million so‘m mablag‘i bo‘lgan plastik kartalar topshirildi. Ularning aksar qismi fojiadan avval uy olgan, ammo toshqin vaqtida mulklariga ziyon yetgan, ba'zilari — nogironligi bor shaxslar boquvchisi bo‘lmasa ham voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalamoqda. Yana 12 nafar fuqaroga 3 million so‘m mablag‘i bo‘lgan plastik kartalar topshirildi. Ularning xonadonlari toshqinda vayron bo‘lgan, davlat tomonidan uylarini tiklab olishlari uchun 40 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilgan. Qiyin ahvolga tushib qolgan, boquvchisini yo‘qotgan, qaramog‘ida nogiron bolalari bo‘lgan oilalar moddiy yordam so‘ragan. Olti kishiga nogironlik aravachalari berildi. 90 dan ziyod oilaga O‘zbekiston mebel' va yog‘ochni qayta ishlash sanoati Assosiasiyasi a'zolari va boshqa homiylar tomonidan mebellar jamlanmasi topshirildi.
8-sentyabrdan 10-sentyabrga qadar aksiyaning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. To‘plangan pul mablag‘lari Komissiya qarori bilan toshqindan zarar ko‘rgan va hozirgi kunda sharoiti og‘ir bo‘lib, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga tegishliligicha taqsimlandi. Sirdaryo viloyatidagi Prezident Xalq qabulxonasi mutaxassislari ishtirokida fuqarolar murojaatlari asosida nogiron bolalari bor 100 dan ziyod oilaning ro‘yxati shakllantirildi. Ulardan uyda ta'lim oluvchi 47 nafar nogiron bolalarga komp'yuter jamlanmasi, yana 10 nafariga o‘quv mebeli, 2 nafariga nogironlik aravachasi berildi. Shuningdek, ehtiyojmandlarga velosiped, rassomchilik to‘plami, sport trenajeri, elektropechka, eshitish moslamasi kabi buyumlar ham taqdim etildi.
Bundan tashqari, Oqoltin tumanidagi (1-sonli maktab), Sardoba tumanidagi (14-sonli maktab) va Mirzaobod tumanidagi (1-sonli maktab) maktab kutubxonalariga o‘zbek va jahon adabiyotlaridan iborat kitoblar to‘plami sotib olindi va taqdim etildi. Jami 2 928 ta kitoblarga 40 million so‘m sarflandi.
Yaqin kunlarda nogiron bolalarni tarbiyalayotgan yana 42 oilaga 2 million so‘m, 33 ta muhtoj oilaga 3 million so‘m mablag‘i bor plastik kartalar yetkaziladi.
Ushbu xayriya aksiyasi o‘zbekistonliklarning naqadar bag‘ri keng, muruvvatli ekanini yana bir bor isbotladi — xalqimiz pandemiya sharoitidagi qiyin vaziyatga qaramay sirdaryoliklarga yordam qo‘lini cho‘zdi.
Adliya vazirligi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati ushbu jarayonlarga befarq bo‘lmagan barcha insonlarga, tashkilotlarga hamda faol fuqarolarga minnatdorlik bildiradi!
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
05.05.2021