Namanganda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining xonadoni ta’mirdan chiqarildi

Tinchlik, osoyishtalik, bugungi yorug‘ va saodatli kunlar uchun ko‘rsatilgan matonat hamda fidoyilik esa aslo unutilmaydi. Ko‘p millatli O’zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shgan. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i halok bo‘ldi.

Prezidentimizning joriy yil 20 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni qonli janggohlarda halok bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlashda muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda Namangan viloyatida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga salmoqli hissa qo‘shgan 23 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi umrguzaronlik qilmoqda.

Namangan shahridagi Haqiqat mahallasida yashovchi Sharifboy Nuriddinov ham faxriy nuroniylardan biri.

1942-yilda urushga otlangan Sharifboy ota dastavval, Voroshilovgrad va Sevastopolda o‘qchi-minomyotchi sifatida xizmat olib boradi. Oradan bir yil o‘tib, dushman minasi portlashi oqibatida oyog‘idan jiddiy jarohat oladi. Urush maydonida harbiy vrach Morozov ko‘magida jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, uzoq vaqt gospitalda davolanadi. Ammo salomatligidagi muammolar sababli urushdan qaytishga majbur bo‘ladi.

Sharifboy ota urushdan qaytgach, qurilish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ko‘p yillar samarali mehnat qildi. Bugungi kunda salkam yuzga kirgan faxriyning to‘qqiz nafar farzandi, 20 nafardan ortiq nabira, 50 dan ziyod evara va chevara davrasida davru davron surmoqda.

9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi tashabbusi bilan, Sharifboy Nuriddinov istiqomat qilayotgan xonadon ta’mirlab berildi. Oziq-ovqat mahsulotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Har yili biz urush qatnashchilariga yuksak ehtirom va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. Ayniqsa, 12 million so‘m miqdoridagi pul mukofotining ajratilishi jamiyatimizga kerakli insonlar qatorida qadrimizni baland tutish, salomatligimizni mustahkamlash yo‘lidagi muhim ko‘makdir, — deydi Sharifboy ota Nuriddinov. – Bayram arafasida “Mahalla” fondi xodimlari xonadonimga o‘zlari bilan birga uy ta’mirlovchi ustalarni olib kelib, ko‘nglimni ko‘tardi.

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi arafasida barcha Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga oziq-ovqatlar va fond qoshidagi “Mahalla iftixori” unitar korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar berilmoqda.

“Mahalla” fondi

matbuot xizmati

04.05.2021