“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi tashabbusi bilan Navoiy shahar hokimligi va Navoiy shahridagi harbiy qism hamkorligida “Xotira bor ekan – millat barhayot” hamda “E’tibor va g‘amg‘o‘rlik insoniy burch” shiori ostida karantin qoidalariga rioya qilgan holda sana munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Dastlab “Mahalla” fondi xodimlari va jamoatchilik vakillari umumta’lim maktablari o‘quvchilari bilan birgalikda ikkinchi jahon urushi front orti mehnat faxriylari – “Orzu” MFYda istiqomat qiluvchi Nina Nikitina hamda “Bunyodkor” MFYda istiqomat qiluvchi Appolina Filatova xonadonlariga tashrif buyurdi.
Mehnat faxriylariga bayram sovg‘alari topshirildi. Maktab o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar onaxonlar kayfiyatiga ko‘tarinkilik baxsh etdi.
Bugun dorilomon kunlarga shukrona aytayotgan onaxonlar urush yillarini eslab, o‘sha davrdagi qilingan mardonavor ishlar haqida gapirib, bugunning qadriga yetish, Ona Vatanni asrab-avaylash, yurtimizni har tomonlama yuksalishiga hissa qo‘shish har bir yoshning muqaddas burchi ekanligini ta’kidladi.
– Bu kabi bayram tadbirlari nafaqat tarix va xotira, balki ota-bobolarimiz jasoratini targ‘ib qilish va shu jasoratlar ibratida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Fond viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev. – Keksalarimiz qadriga yetib, hurmatlashimiz va ularga doimo g‘amxo‘rlik ko‘rsatish qon-qonimizga singib ketgan azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Vatanni sevish, tinchligimiz va musaffo osmonimizni asrash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Shahar markazidagi “Vatanparvar” bog‘ida harbiy qism askarlari va yoshlar ishtirokida harbiy texnikalar, ikkinchi jahon urushi jarayonlarini o‘zida aks ettirgan kompozitsiyalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami munosabati bilan joylarda ma’rifiy-vatanparvarlik tadbirlari davom etmoqda.
“Mahalla” fondi
matbuot xizmati
04.05.2021