Yurtimizda aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Albatta, bunda Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
– Farmonda sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan bo‘lib, fondimiz tomonidan doimiy ravishda sportning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha turli musobaqalar tashkil etib kelinmoqda, – deydi fondning viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev. – Ayniqsa, ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha mehnat jamoalari va hududlar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratganmiz. Bugungi tashkil etilayotgan musobaqa ham ana shunday tadbirlarimizdan biridir. Albatta, sport bilan muntazam shug‘ullanish insonni chiniqtiradi, aqlini rivojlantiradi va ish samaradorligining oshishiga olib keladi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari Navoiy olimpiya zaxiralari kollejida tashkil etilgan “Olimpiya shon-shuhrati muzeyi”ga tashrif buyurdi. Muzeyda kollej o‘quvchilari tomonidan sport musobaqalarida erishilgan yutuqlar, Osiyo, Jahon chempionatlari, Olimpiyada o‘yinlarida sportchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar joy olgan. Fond xodimlaridan tuzilgan jamoalar sportning mini futbol va voleybol, xodimlar esa sport tennisi bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdi. Do‘stona va qizg‘in kurashlarga boy tarzda o‘tgan musobaqa so‘ngida barcha g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirokchilar Fond viloyat bo‘limining “Diplom” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Mahalla” fondi
matbuot xizmati
27.04.2021