“Saxovat va koʻmak“ karvoni yoʻlga chiqdi

“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati surxondaryolik yoshlarni ham faollikka undadi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Yoshlar — kelajagimiz“ jamgʻarmasidan kredit olib oʻz faoliyatini rivojlantirayotgan yosh tadbirkor tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak“ karvoni uyushtirildi. Bu xayriya tadbiri orqali 1000 ehtiyojmand oilaga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi.

Bugun xayriya yordami orttirilgan avtomashinalar karvoni Yoshlar markazidan Termiz shahri va barcha tumanlarga yoʻl oldi.

- Yoshlar tashabbusini qoʻllab-quvvatlagan holda, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Senator va deputatlar ham safimizga qoʻshilganlaridan mamnunmiz. Ular hamrohligida urush va mehnat faxriylari, yolgʻiz keksalar va kam taʼminlangan, koʻmakka muhtoj oilalar xonadonida boʻlib, xayriya yordamlarini ulashdik,- deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Sherzod Olimov.

Maʼlumotlarga koʻra, Surxondaryo viloyati boʻyicha homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali tadbirkorlar hamda koʻngillilar tomonidan 12 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga 1,6 mlrd. soʻmlik xayriya yordamlari koʻrsatildi. Hozirda ushbu markazlarda 42 tonna zaxira oziq-ovqat mahsulotlari mavjud.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida viloyatdagi tadbirkorlar, tashkilot va korxonalar ishchilari hamda fuqarolar tomonidan qariyb 3,1 mlrd. soʻm mablagʻ jamgʻarildi.

Ilhom Rahmatov,(“Xalq soʻzi“)

01.05.2020