Qiyin va mashaqqatli bo‘lishiga qaramay, komandirlari topshiriqlarini a’lo darajada, bekamu ko‘st ado etib, qator orden va medallar bilan taqdirlandi.
Stalingrad uchun kechgan qaqshatqich janglarda alohida fidoyilik ko‘rsatib, qo‘mondonlik tomonidan rag‘batlantirildi.
Ammo o‘q, snaryad va bombalar yomg‘iri ostida kechgan o‘sha mash’um, beayov jangda oyog‘idan og‘ir yaralanib, gospitalga tushdi. Dala gospitalida, Yahyo boboning oyoq suyagiga dushman snaryadi tekkanligi sabab, qorason (gangrena) tanaga o‘tib ketmasligining oldini olish maqsadida vrachlar, uni bir oyog‘ini kesib tashladi...
So‘ngra Yahyo bobo 1943-yilning avgust oyida tug‘ilib o‘sgan ona Vatani O‘zbekistonga qaytib keldi.
Otaxon janglarda ko‘rsatgan ko‘plab jasorati tufayli ko‘ksini orden va medallarga to‘ldirib, Vataniga qaytgach, o‘shandagi Lenin kolxozida tabelchi, shu kolxozda 40 yil buxgalter, keyin esa 10 yil temir yo‘l sohasida faoliyat yuritdi. Halol topgan rizqi, peshona teri evaziga farzandlarini kamolga yetkazdi. Bir etak nabira, chevara va evaralar ko‘rdi. Bugun 99 yoshdan oshib, 100 bilan yuzlashish arafasidagi otaxon farzandu nabiralari ardog‘ida va doimiy shifokorlar qarovida.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligida bir guruh nuroniylar, harbiylar va yoshlar II Jahon urushi qatnashchisi Yahyo bobo Sharipov xonadonida bo‘lib, urush faxriysining holidan xabar oldi va Prezidentimizning sovg‘alarini topshirdi.
Dastlab shifokorlar otaxonning salomatligini ko‘rikdan o‘tkazdi.
Viloyat hokimi, Prezidentimizning II Jahon urushida erishilgan g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan Yahyo bobo Sharipovga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va urush faxriysiga bir martalik pul mukofoti va sovg‘alarni topshirdi.
Qizg‘in o‘tgan suhbat chog‘ida Yahyo bobo og‘ir janglarni, frontdan yarador bo‘lib qishlog‘iga qaytgandan so‘ng kechgan umrini xotirladi.
Otaxon hozir keksayib qolganligi tufayli urush xotiralarini eslashga, so‘zlashga biroz qiynaladi. Ammo “Urush dahshatlarini biz ko‘rdik, sizlar ko‘rmanglar, hayot ne’mati har bir tirik mavjudot uchun birdek shirin va aziz, buni bugungi yoshlar anglab yetmog‘i darkor,” deydi bobo.
Yahyo Sharipov bugungi kunda Guliston tumanidagi Soyibobod qishlog‘ida istiqomat qiladi. Yetmish yoshni qoralagan o‘g‘li Ehson akaning so‘zlariga qaraganda, mahalla faollari, shifokorlar, tuman jamoatchiligi boboning holidan tez-tez xabardor bo‘lib turishar ekan.
Qizg‘in o‘tgan suhbatdan so‘ng Yahyo bobo yurtga tinchlik, odamlarga sog‘liq tilab duo qildi.
Darhaqiqat, bugungi tinch va osoyishta kunlarga yetishimizga, mustaqil va ozod mamlakatda yashashimizga Yahyo bobo Sharipovdek nuroniylar o‘z hissasini qo‘shgan.
A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA
03.05.2021