Boysunda urush qatnashchilariga Prezident sovg‘asi va pul mukofoti topshirildi

Shuningdek, unda Prezidentimizning 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan ularga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Boysun tumanida 5 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi istiqomat qilmoqda. Tumandagi Temir Darvoza mahallasida yashaydigan Shohimardon Hamroev joriy yilda yuz yosh bilan yuzlashdi. U 20 yoshida Ikkinchi jahon urushiga otlanib, 3-Belorus frontining artillleriya qismlaridan birida xizmatni boshlagan. Ukraina, Belorussiya, Prussiya va Latviya, Estoniya, Litva hamda Kenigsberg qal'asini dushmandan ozod etishda jasorat ko‘rsatgan.
1945-yilda o‘z ona qishlog‘i Darbandga qaytib kelib, 10-sinfni bitirgach, Dushanbe pedagogika institutida o‘qib, hayotini yoshlar ta'lim-tarbiyasiga bag‘ishladi. Tog‘li tumandagi Avlod, Xo‘jabulg‘on, Machay va Darband qishloqlarining maktablarida o‘quvchilarga saboq berdi. Turmush o‘rtog‘i Hojar Abdurahmonova bilan 9 nafar farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazdi.  

Janglardagi jasorati uchun qator orden va medallar bilan taqdirlangan Shohimardon bobo urushdan keyingi yillardagi xizmati uchun Xalq maorifi a'lochisi unvoniga ham sazovar bo‘ldi. Mustaqillik yillari “Jasorat” medali va G‘alabaning 40, 50, 60, 65, 70 yillik yubiley medallari bilan mukofotlandi.
Tog‘lar qo‘ynidagi Yuqori Machay mahallasida tinch, to‘kin umrguzaronlik qilayotgan Muhammadi Olimov o‘n yetti yoshga to‘layotganida urushga jo‘natilgan. Ikki oy Semipalatinsk shahrida jangga tayyorgarlik ko‘rgach, urush o‘chog‘iga otlangan.
Bu yil 95 yoshni qarshi olgan otaxon Berlin ostonasida bo‘lgan janglardan birida chap qo‘lidan jarohat olib, harbiy gospitalda davolangan. Otaxonning Vatan himoyasi yo‘lidagi jasoratga to‘la xizmati munosib taqdirlangan. 1945-yil avgust oyida frontdan ona qishlog‘iga qaytib kelib, cho‘ponlik va dehqonchilik kasblarida mehnat qilgan. 1963-74-yillarda hozirgi Muzrabot tumanini o‘zlashtirishda faol ishtirok etib, cho‘lni bog‘u-bo‘stonga aylantirishga munosib hissa qo‘shgan.

1985-yilda yana Yuqori Machay qishlog‘iga ko‘chib kelib, shu yerda yashamoqda. Piru-badavlat otaxon besh o‘g‘il va to‘rt qizni tarbiyalab, ulg‘aytirdi. Ayni kunlarda farzandlari va bir etak nevara-chevaralar ardog‘ida.
Shu kuni Ikkinchi jahon urushida jasorat namunalarini ko‘rsatgan sayroblik Jumaqul bobo Qulliev, Pulhokim mahallasida istiqomat qilayotgan Do‘smat Murodov va Ko‘lqamish mahallasida yashaydigan Toji bobo Bozorovlarning xonadonida ham xuddi shunday tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Bunday tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

03.05.2021